открыты сегодня 10:00 - 21:00
Занятия
ru
O'Z
открыты сегодня 10:00 - 18:00
“Salom, Toshkent!” — rassom Yuliya Drobovaning nigohi
Respublika bolalar kutubxonasi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va “A+A” nashriyoti bilan birgalikda “Salom, Toshkent!” kitobi va ko‘rgazmasi orqali bolalarga Toshkent haqida hikoya qilib berishga qaror qildi. Mazkur kitobda azim poytaxt Yuliya Drobova yaratgan yorqin va nozik rasmlarda namoyon bo‘ladi. Rassomning ijod namunalari Ovro‘pada ham, xonadonlarda ham xush ko‘rilib, hatto, “The Wired”, “Süddeutsche Zeitung” va “Illustoria” kabi mashhur nashrlarda chop etiladi. Bu yerda siz musavvir chizgan rasmlarning asl nusxalarini ko‘rasiz, shaxsiy qoralamalar uchun albomlariga nazar solasiz va kitoblar qanday yaratilishini bilib olasiz.

Yuliya Toshkentda tug‘ilgan, serquyosh ko‘chalar, mahallalar va bog‘lar bag‘rida ulg‘aygan. U hozirgi Toshkent arxitektura-qurilish universitetini bitirgach, Berlinga ketadi hamda u yerda nomdor rassom va o‘qituvchi bo‘lib yetishadi. Uning ishlanmalari mashhur Bolonya kitob yarmarkasida ketma-ket to‘rt marotaba qisqa ro‘yxatga kiritilgan.
Yuliya shahar tarixining bir qismiga aylangan oilada ulg‘aygan: uning katta bobosi Vasiliy Drobov o‘simlikshunos olim bo‘lib, Toshkent va umuman mintaqa nabotot olamini yaxshi ko‘rgan va o‘rgangan. Yana bir katta bobosi – afsonaviy suratkash Maks Penson. U respublika hayoti va tarixini suratlarga tushirgan bo‘lib, hozirda uning fotosuratlari dunyo muzeylarida saqlab kelinmoqda.

“Salom, Toshkent!” – bu juda shaxsiy hikoya. “Men shu yerda katta bo‘lganman va shaharning har bir burchagi xotiralarni yodga soladi. Bu shunchaki ko‘chalar va xonadonlar emas – yaqinlarim yashab, ijod qilgan makondir. “Chorsu” bozorini quvnoq shovqini uchun, mahallalarni sokin hovlilari va supalari uchun, amaliy san’at muzeyini ajoyib naqshlari va iliqligi uchun sevaman. Men bolalarga aynan shunday – mehribon, jonli va barchani o‘z bag‘riga chorlaydigan Toshkentni ko‘rsatmoqchi edim”, – deya yakunlaydi Yuliya Drobova

Rassom: Yuliya Drobova
Matn: Ivan Sorokin
Rasmli kitob qanday tayyorlanadi?
Hammasi qog‘oz, suvbo‘yoq va ilhomdan boshlanadi. Dastlab rassomning ijodiy xayoliga kichik darchalar – eskizlar va qoralamalar keladi. Yuliya suvbo‘yoq, guash va qog‘oz kollajdan foydalanadi, shundan so‘ng rasmlar ehtiyotkorlik bilan nusxalanib, kitobning bir qismiga aylanadi. Ammo yana bir qism borki, usiz kitob bu qadar jozibali bo‘lmasdi. Bu – qo‘lda chizilgan jonli harflar, ya’ni “lettering”. Ular tufaylii so‘zlar iliqlik va mazmun kasb etib, tasvirning muhim bo‘lagiga aylanadi.
Qo‘lyozma shriftlar nimani anglatadi
va nega ular o‘ziga xos?
Qo‘lyozma shriftlar xuddi inson ovoziga o‘xshaydi, faqat farqi shuki, ular qog‘ozda bo‘ladi. Tasavvur qiling, har bir harf kichik rasm. U jilmayib turishi yo g‘amgin, jiddiy yoki xushchaqchaq, tartibli yoxud e’tiborsiz bo‘lishi mumkin. Musavvir harflarni qo‘lda yaratganda, ularga his-tuyg‘u va fe’l-atvor bag‘ishlaydi, bundan esa hatto, oddiy so‘zlar ham o‘zgacha bo‘lib ko‘rinadi. Bu shunchaki so‘z yozish usuli emas, balki butun boshli hikoya, kayfiyat va hissiyotdir.
Qo‘lyozma shriftlar (yoki “lettering”) bamisoli suhbatdek: iliq, jonli va haqiqiy. Har bir yozuv mo‘yqalam, pero yoki qalam yordamida hikoya qilingan butun bir voqeadir. Bugun aksariyat matnlar kompyuterda teriladigan zamonaviy dunyoda qo‘lda yozilgan harflarni ko‘rish aslida sehrli hodisadir. Qo‘lda yozilgan matnni mutolaa qilganingizda, go‘yoki kimdir qulog‘ingizga past ovozda ertak pichirlayotgandek tuyuladi.
Yuliya Drobova mualliflik kitobining har bir sahifasi uchun maxsus harflar yaratadi. Ular tasvirning bir qismiga aylanadi, kayfiyatni ifodalaydi va matnni yaxshiroq anglashga ko‘maklashadi. Axir so‘z – bu shunchaki qog‘ozdagi harflar emas, balki “lettering” ko‘zga ko‘rinadigan qilib qo‘yadigan hayotiy tuyg‘u va fikrlardir.
Keling, yaxshisi o‘zingiz sinab ko‘ring: qog‘oz va qalam olib, ismingizni yozing. Endi esa diqqat bilan qarang, ko‘ryapsizmi, u o‘zgacha chiqqan, chunki bunday yozuv boshqa hech kimda yo‘q. “Lettering”ning mo‘jizasi ham shunda – har bir chiziqning o‘ziga xosligida.
Kollaj nima?
Kollaj bu – osmonning xuddiki bir bo‘lagi, biroz eski xarita, birovning maktubidan parcha va olma po‘stlog‘ining bir bo‘lagini olib, to‘satdan bundan qush paydo bo‘ladigan jarayon. Shahar. Tarix… Kollaj – bu nafaqat qalam, balki qaychi bilan ham chizish mumkin bo‘lgan holat. Shunda rasm tuzilish, qatlamlar, tasodifiylik kasb etadi. U shunchaki tasvirlamaydi – u go‘yo turli ashyolarning sadolari bilan hikoya qilayotgandek. Musavvir rasm chizayotganda bo‘yoq, mo‘yqalam olib, chiziq tortadi, rang qo‘shadi. Hamma narsa qo‘l ostidan qog‘ozga tushadi. Kollaj yasayotganda esa u allaqachon mavjud bo‘lgan dunyoning bo‘laklarini yig‘adi: qog‘oz, mato, gazeta, konfet qadog‘i, eski fotosurat. Bu tafsilotlar birgalikda tasavvur qilinmagan, ammo to‘satdan yangicha ko‘rinish hosil qilgan pazlga o‘xshaydi.