1.Umumiy qoidalar:
1. Ushbu Respublika bolalar kutubxonasidan foydalanish qoidalari O‘zbekiston Respublikasining “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi
(2011-yil 13-apreldagi O‘RQ-280-son) Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi PQ-177-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-iyuldagi 271-son qarori asosida ishlab chiqilgan.
1.2. Respublika bolalar kutubxonasi (keyingi o‘rinlarda Kutubxona deb yuritiladi) ixtisoslashtirilgan axborot, madaniy muassasa hisoblanadi, tirajlangan hujjatlardan tashkil etilgan jamg‘armaga ega bo‘lib, ular vaqtincha foydalanish uchun jismoniy va yuridik shaxslarga beriladi.
1.3. Kutubxona hamma foydalanishi uchun mo‘ljallangan. Kutubxona jamg‘armalaridan foydalanish tartibi, asosiy xizmatlar ro‘yxati va ularni ko‘rsatish shartlari mazkur Qoidalar bilan belgilanadi.
1.4. Kutubxona foydalanuvchilarga quyidagi ish jadvaliga muvofiq xizmat ko‘rsatadi:
har kuni: soat 10.00 dan – 21.00 gacha;
har oyning oxirgi seshanbasi – tozalik kuni;
bayram (ishlamaydigan) kunlari maxsus ish jadvali tatbiq etiladi.
1.5. Ushbu Qoidalar tasdiqlangandan boshlab kuchga kirib, zarur hollarda, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
1.6. Kutubxonadan foydalanish qoidalarida quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
Kutubxona jamg‘armasi – aholiga kutubxona xizmati ko‘rsatish maqsadida hisobga olinishi, yig‘ilishi, saqlanishi va foydalanilishi lozim bo‘lgan, tashkiliy va vazifaviy jihatdan o‘zaro bog‘liq turli yo‘nalish va maqomdagi hujjatlar majmui.
Hujjat – matn, ovoz yozish, tasvir va (yoki) boshqa shaklda qayd etilgan ma’lumotlarga, ularni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi rekvizitlarga ega bo‘lgan va umumiy foydalanish va saqlash maqsadlari uchun vaqt va makon bo‘yicha uzatish uchun mo‘ljallangan moddiy manba.
Kutubxona foydaluvchisi (kitobxon) – berilgan kitobxon bileti
(ID karta) asosida Kutubxonaning kutubxona-axborot xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxs (yakka tartibdagi foydalanuvchi) yoki shartnoma asosida kutubxona jamg‘armasidan foydalanuvchi yuridik shaxslar. Foydalanuvchilarga o‘quv zallaridan foydalanish, kutubxonaning mahorat darslari va boshqa ommaviy
tadbirlarida ishtirok etish, kutubxonaning ichki elektron resurslaridan foydalanish, kutubxona hududidan tashqarida (uyda) vaqtincha foydalanish uchun kitoblar (hujjatlar) olish huquqi beriladi.
Kutubxona tashrib buyuruvchisi – o‘z ma’lumotlarini Kutubxonada ro‘yxatdan o‘tkazishi sharti bilan kutubxona hududida kutubxona-axborot resurslaridan kitobxon bileti (ID karta) ni rasmiylashtirmasdan foydalanuvchi jismoniy shaxs. Tashrif buyuruvchilarga kutubxonaning o‘quv zallaridan foydalanish, mahorat darslari va boshqa ommaviy tadbirlarda ishtirok etish huquqi beriladi.
Kutubxonaga a’zo bo‘lish – kutubxonadan foydalanish huquqini rasmiylashtirish tartibi. Bu foydalanuvchini Kutubxonadan foydalanish qoidalari bilan tanitish va ularning roziligini belgilash, kitobxon bileti
(ID karta)ni rasmiylashtirish, o‘quvchi ma’lumotlarini ma’lumotlar bazasiga kiritishni o‘z ichiga oladi.
Kutubxonada ro‘yxatdan o‘tish – kutubxonadan cheklangan tarzda foydalanish huquqini rasmiylashtirish tartibi. Bu tashrif buyuruvchini Kutubxonadan foydalanish qoidalari bilan tanitish va ularning roziligini belgilash, tashrif buyuruvchini ma’lumotlar bazasiga kiritishni o‘z ichiga oladi.
Kitobxonlarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish – shartnoma va ma’lumotlar bazasida mavjud bo‘lgan ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun mo‘ljallangan foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlash bo‘yicha amalga oshiriladigan har yillik tartib-taomil.
Kitobxon bileti (ID karta) – kutubxonadan foydalanish huquqini beruvchi hujjat bo‘lib, o‘quvchi haqida asosiy ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Hujjatni taqdim etish – kutubxona jamg‘armasidagi hujjatni ushbu Qoidalarda belgilangan tartibda vaqtincha foydalanish uchun taqdim etilishi.
O‘quvchi qaydnomasi – foydalanuvchiga hujjatlarni berish va qabul qilish sanasi va faktini tasdiqlovchi hujjat (shu jumladan elektron shaklda).
2. Foydalanuvchilar huquqlari
2.1 Quyidagilar Kutubxona foydalanuvchilari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida istiqomat qiluvchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar. Bunda voyaga yetmaganlar qonuniy vakillarining shaxsni tasdiqlovchi hujjati (pasport) asosida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
2.2. Kutubxonaning barcha foydalanuvchilari quyidagilarni bepul olish huquqiga ega:
jamg‘armada ma’lum hujjat mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotni;
katalog va kartotekalar tizimi, kutubxona ma’lumotlarining boshqa shakllari orqali jamg‘arma tarkibi to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotni;
o‘quv zallarida vaqtincha foydalanish uchun kutubxona jamg‘armasidagi har qanday hujjatni;
axborot manbalarini qidirish va tanlash bo‘yicha maslahatlarni;
wi-fi, shuningdek, ulardan foydalanish bo‘yicha qabul qilingan alohida reglamentlarga rioya qilgan xolda kutubxona texnik vositalari – ekranlar, kompyuterlar, planshetlar, musiqa asboblaridan foydalanish;
kutubxona Ustavida belgilangan boshqa xizmat turlarini.
2.3. Kutubxona foydalanuvchilari quyidagi huquqlarga ham egadirlar:
kutubxonaning barcha ochiq tadbirlarida ishtirok etish;
kutubxona qoshidagi turli kengash va birlashmalarga a’zo bo‘lish;
kutubxona faoliyati to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirish, Kutubxona faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
kutubxona mansabdor shaxslarining ular huquqlarini buzuvchi xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish;
kutubxona tomonidan ko‘rsatiladigan (bajariladigan) pullik xizmatlar (ishlar)ning alohida tasdiqlangan ro‘yxatiga muvofiq qo‘shimcha (pullik) xizmatlardan foydalanish.
3. Kutubxona huquqlari
Kutubxona quyidagi huquqlarga ega: 3.1. Amaldagi qonunchilikka muvofiq Kutubxonadan foydalanish qoidalarini ishlab chiqish va unga bir tomonlama o‘zgartirishlar kiritish.
3.2. Shartnoma asosida foydalanuvchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar turlarining, shu jumladan qo‘shimcha xizmatlarning ro‘yxatini aniqlash, pullik xizmatlar narxlarini belgilash.
3.3. Foydalanuvchi tomonidan kutubxonaga yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash shakllari va miqdorlarini mustaqil ravishda belgilash va qo‘llash.
3.4. Zararni qoplash bo‘yicha sudga murojaat qilish.
3.5. Kutubxona binolarida o‘rnatilgan videokuzatuv kameralari va boshqa texnik vositalar yordamida foto va videoyozuvni amalga oshirish.
3.6. Kitobxon bileti (ID karta)ning amal qilishini quyidagi hollarda to‘xtatib turish, bekor qilish yoki rad etish:
ushbu Qoidalar buzilganda;
zarur ma’lumotlar taqdim etilmaganda yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilganda;
kutubxona ma’muriyatining talablariga muvofiq hujjatlarga yetkazilgan yoki ularning yo‘qolishiga olib kelgan zarar miqdori to‘liq qoplanguniga qadar.
3.7. Amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi mumkin.
4. Foydalanuvchi majburiyatlari
4.1. Foydalanuvchi quyidagilarga majburdir: 4.1.1. Kutubxonadan foydalanish qoidalariga rioya qilish. Kutubxonadan foydalanish huquqi kitobxon bileti (ID karta) bilan tasdiqlanadi.
4.1.2. Hujjatlarni qabul qilgandan so‘ng, ularni sinchkovlik bilan tekshirish va ularda qandaydir nuqson aniqlansa, ushbu hujjatdagi nuqsonlar bo‘yicha tegishli yozuvlar qayd etilishi uchun kutubxonachiga xabar berish.
4.1.3. Kutubxona jamg‘armasidagi hujjatlarga nisbatan ehtiyotkorona munosobatda bo‘lish:
ularda hech qanday eslatmalar qoldirmaslik, varaqlarni yirtib tashlamaslik yoki buklamaslik;
belgilangan muddatda ularni qaytarib berish;
ochiq foydalanishdagi bo‘limlarda jamg‘arma joylashuvini buzmaslik;
katalog va kartotekalardan kartalarni olmaslik;
Kutubxonada foydalaniladigan texnik vositalar bo‘yicha to‘liq moddiy javobgar bo‘lish.
4.1.4. Kutubxona mol-mulkiga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish.
4.1.5. Jamoat joylarida o‘zini tutish qoidalariga, jamoat tartibi va ozodaligiga rioya qilish.
4.1.6. Kutubxona texnik vositalaridan foydalanish qoidalariga rioya qilish.
4.2. Kutubxona foydalanuvchilari quyidagi huquqlarga ega emaslar: 4.2.1. Kitobxon bileti (ID karta)ni boshqa shaxsga berish, shuningdek, boshqa shaxsning kitobxon bileti (ID karta)dan foydalanish.
4.2.2. Kutubxonaning xizmat ko‘rsatish hududlarida katta hajmdagi portfellar, sumkalar, shaffof bo‘lmagan polietilen paketlar, oziq-ovqat mahsulotlari, alkogolli va gazli ichimliklar, o‘ramlar olib kelish, qishki ustki kiyimda kirish. Kutubxonada bo‘lgan vaqtda bunday narsalarni vaqtincha saqlash uchun maxsus joylarga (garderob xonasi, shkaflar va h.k.) topshirish lozim. Vaqtinchalik saqlash joylarida qoldirilgan buyumlar 30 taqvim kunidan keyin egasiz deb topiladi va utilizatsiya qilinadi.
4.2.3. Kutubxonada olingan hujjatlarni nusxalash (ko‘paytirish).
4.2.4. Kutubxona tomonidan berilgan nashrlarni internetda to‘liq joylashtirish.
4.2.5. Ma’muriyat ruxsatisiz Kutubxonada professional fotoapparatlar, videokameralar, ovoz yozish moslamalari, magnitafonlardan foydalanish.
4.2.6. Kompyuterlar, jihozlar va kutubxonaning boshqa texnik vositalarida ishlashda sozlamalarni o‘zgartirish, dasturiy ta’minot o‘rnatish.
4.2.7. Xulq-atvorning axloqiy me’yorlarini buzish, Kutubxona xodimlari yoki boshqa tashrif buyuruvchilarni haqorat qilish, qo‘pollik qilish, xizmat ko‘rsatish jarayoniga xalaqit berish, mobil telefonda gaplashish, boshqa tashrif buyuruvchilarni chalg‘ituvchi shovqinni yuzaga keltirish.
4.2.8. Kutubxonaga alkogolli, toksik yoki giyohvand moddalaridan mast bo‘lgan holda, kutubxona mol-mulkining shikastlanishi va ifloslanishiga olib keladigan, ichki ko‘rinishga zarar yetkazadigan, yoqimsiz o‘tkir hidli, iflos kiyimlarda tashrif buyurish.
4.2.9. Kutubxonada va uning atrofidagi hududlarda chekish.
4.2.10. Ma’muriyat bilan kelishmagan holda Kutubxonaga tegishli bo‘lmagan kitoblar va boshqa hujjatlarni o‘qish zallariga olib kelish.
4.2.11. Vaqtincha foydalanish uchun olib ketish rasmiylashtirilmagan kitoblarni Kutubxonadan olib ketish.
4.2.12. Kutubxonaning xizmat xonalariga kirish.
4.2.13. Afishalarni yopishtirish, reklama materiallarini tarqatish va boshqa reklama-targ‘ibot faoliyati bilan shug‘ullanish.
4.2.14. Belgilangan joylardan tashqarida ovqat va ichimlik iste’mol qilish.
5. Kutubxona majburiyatlari
Kutubxona quyidagilarga majburdir: 5.1. Foydalanuvchining Kutubxona jamg‘armasidagi ma’lumot va hujjatlardan erkin foydalanish huquqini amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish.
5.2. Foydalanuvchilar uchun bibliografik va axborot ta’minotini amalga oshirish.
5.3. O‘quvchilarga xizmat ko‘rsatishning yuqori darajasini namoyon etish, og‘zaki maslahatlar yordamida ularga kerakli asarlar va boshqa materiallarni tanlashda ko‘maklashish, ular foydalanishi uchun kataloglar (shu jumladan elektron shaklda) taqdim etish.
5.4. Kutubxona jamg‘armalaridagi hujjatlarning saqlanishi va ulardan oqilona foydalanishni ta’minlaydigan qoidalarga muvofiq hisobini yuritish, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshirish. Hujjatlarni tadqim etishda Kutubxona xodimi ularni sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirishi, agar ularda nuqsonlar aniqlansa, berilgan hujjat bo‘yicha tegishli yozuvlarni kiritishi shart.
5.5. O‘quvchilarga berilgan hujjatlarning o‘z vaqtida qaytarilishini tizimli nazorat qilish.
5.6. Fuqarolarni Kutubxona tomonidan ko‘rsatiladigan barcha xizmatlar to‘g‘risida xabardor qilish.
5.7. Nogironligi bor, yoshi katta va aholining boshqa kam harakatli guruhlarini kutubxona va kutubxona xizmatlaridan foydalanishi uchun kerakli shart-sharoitlar bilan ta’minlash.
6. Foydalanuvchilarning Kutubxonaga yozilish tartibi
6.1. Kutubxonada yozilish ro‘yxatga olish bo‘limiga foydalanuvchining shaxsan tashrifiga binoan amalga oshiriladi.
6.2. Kutubxonaga yozilishda foydalanuvchi quyidagilarni bajarishi shart:
kutubxonadan foydalanish qoidalari bilan tanishib chiqish va ularni qabul qilish;
pasport yoki yashash joyi ko‘rsatilgan shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatni taqdim etish;
shaxsga doir quyidagi ma’lumotlarni taqdim etish va ularni qayta ishlanishiga rozilik berish: familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi;
pasport ma’lumotlari: raqami, seriyasi, qaysi manzilda ro‘yxatdan o‘tkazilganligi;
o‘qish, ish joyi;
egallagan lavozimi;
aloqa uchun telefon raqamlari;
foydalanuvchi kafil bo‘lgan voyaga yetmagan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi;
voyaga yetmagan shaxsning tug‘ilgan sanasi, ta’lim muassasasi nomi.
6.3. 16 yoshga to‘lmagan bolalar qonuniy vakilining shaxsni tasdiqlovchi hujjati (pasport) asosida ro‘yxatga olinadi. Ota-onalar, vasiylar, homiylar
va boshqa qonuniy vakillar ushbu Qoidalar bilan tanishishlari va voyaga yetmaganlarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilishiga rozilik berishlari shart.
6.4. Qayd etilgandan so‘ng foydalanuvchiga kutubxonaga har bir tashrif uchun zarur bo‘lgan, muddati cheklanmagan bepul kitobxon bileti (ID karta) beriladi.
6.5. Tashrif buyuruvchini ro‘yxatdan o‘tkazishda 6.1. va 6.2-bandlarda ko‘rsatilgan harakatlar elektron tizim orqali mustaqil ravishda amalga oshirilishi mumkin.
6.6. Kutubxona har yili foydalanuvchilardan/tashrif buyuruvchilardan ushbu Qoidalarning 6.2-bandidagi ro‘yxat bo‘yicha yangilangan ma’lumotlarni taqdim etishni talab qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Ma’lumotlarni taqdim etish rad etilgan taqdirda, kitobxon bileti (ID karta)ning amal qilishi to‘xtatiladi.
6.7. Toshkent shahrida doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, Toshkent shahrida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan chet el fuqarolari uylarida vaqtincha foydalanishga ruxsat berilgan hujjatlarni kutubxonadan olish huquqiga ega. Shu bilan birga, hujjatlar Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tish muddatidan oshmaydigan muddatga, bunda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish (yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish) muddati ikki haftadan kam bo‘lmasligi kerak, vaqtincha foydalanishga beriladi.
6.8. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tmagan chet el fuqarolari Kutubxonaning o‘quv zallaridan foydalanish huquqiga ega, lekin uyda vaqtincha foydalanish uchun hujjatlarni olish huquqiga ega emaslar.
6.9. Yashash joyini o‘zgartirganda, familiya va boshqa ma’lumotlarga o‘zgartirish kiritilganda, o‘quvchi hisob ma’lumotlari va Shartnomaga o‘zgartirishlar kiritish uchun bu haqda darhol Kutubxonaga xabar berishi shart.
6.10. Kitobxon bileti (ID karta) yo‘qolgan taqdirda, o‘quvchiga dublikat (haq evaziga) beriladi.
6.11. Kutubxonaning ommaviy tadbirlariga tashrif buyurish ochiq tarzda kitobxon bileti (ID karta) berilmasdan, lekin ushbu Qoidalarga rioya qilingan holda amalga oshiriladi.
7. Foydalanuvchi/tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsatish tartibi
7.1. Kutubxonaning barcha bo‘limlarida foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish kitobxon bileti (ID karta) taqdim etilgandan so‘ng, tashrif buyuruvchilar uchun esa – ro‘yxatdan o‘kazilgandan so‘ng amalga oshiriladi.
7.2. Barcha bo‘limlarda ro‘yxatdan o‘tishda foydalanuvchi uchun qaydnoma – belgilangan namunadagi hujjat beriladi, unda foydalanuvchi tomonidan Kutubxona jamg‘armasidan hujjatlarni qabul qilish va qaytarish ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Qaydnoma elektron shaklda ham rasmiylashtirilishi mumkin.
7.3. Foydalanuvchi qaydnoma kutubxona buxgalteriya hisobi va statistika yuritilishining majburiy shakli bo‘lib, hujjatlarning berilgan sanasi
va faktini tasdiqlaydi, faqat kutubxonachi tomonidan qabul qilinadi va elektron shaklda yuritiladi.
7.4. O‘quv zallarida foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish:
o‘quv zallari Kutubxona binosida hujjatlardan foydalanish imkoniyatini beradi.
o‘quv zallarida beriladigan hujjatlar soni cheklanmaydi.
o‘quv zallari va/yoki Kutubxona jamg‘armasi hujjatlari foydalanuvchilarga kitobxon bileti (ID karta) bo‘lganda, vaqtincha foydalanish uchun 10 kungacha muddatga 3 tagacha kitob (hujjat) uyga taqdim etilishi mumkin, bundan nodir va qimmatli kitoblar, ma’lumotnoma va ensiklopedik nashrlar, talab yuqori bo‘lgan kitoblar, to‘planma asarlarning alohida jildlari, Kutubxonaga bir nusxada taqdim etilgan nashrlar va joriy yilning davriy nashrlari (gazeta, jurnallar) mustasno;
hujjatlarni uyga berish bo‘yicha buyurtmalarni qabul qilish Kutubxonaning ish vaqti tugashiga 30 daqiqa qolganida to‘xtatiladi.
7.5. Kutubxonachilar berilgan hujjatlarning o‘z vaqtida Kutubxonaga qaytarilishini nazorat qiladi. Hujjatlardan foydalanish muddati tugashidan
3 kun oldin, kutubxonachi foydalanuvchiga hujjatlarni qaytarish zarurligini eslatadi (yozma yoki telefon orqali).
7.6. 12 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar/tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish hamrohlik qiluvchi voyaga yetgan shaxs (ota-ona/vasiy/o‘qituvchi) ishtirokisiz amalga oshirilmaydi. Voyaga yetmaganlarning hatti-harakatlari, yetkazgan zarari uchun, shuningdek, ularning sog‘lig‘i bo‘yicha javobgarlik to‘liq ularga hamrohlik qiluvchi shaxslar zimmasiga yuklanadi. Ushbu hollarda Kutubxona har qanday javobgarlikdan ozod etiladi.
8. Foydalanuvchilar javobgarligi
8.1. Kutubxona foydalanuvchilari va tashrif buyuruvchilari Kutubxonadan foydalanish qoidalariga rioya etishlari shart.
8.2. Kutubxonadan foydalanish qoidalarini buzgan va kutubxonaga zarar yetkazgan foydalanuvchilar va tashrif buyuruvchilar uning o‘rnini belgilangan miqdorda qoplaydi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda boshqa javobgarlikka tortiladi. Yetkazilgan zarar to‘liq qoplanmaguncha, foydalanuvchi Kutubxonadan foydalanish huquqidan mahrum etiladi.
8.4. Voyaga yetmagan o‘quvchilar tomonidan hujjatlarning yo‘qolishi yoki shikastlanganligi, hujjatlarni qaytarib berish muddatlarini buzganlik uchun ularning qonuniy vakillari javobgar bo‘ladilar.
8.5. Belgilangan muddatda hujjatlarni qaytarib bermagan foydalanuvchi qarzi to‘liq bartaraf etilmaguncha Kutubxonadan foydalanish huquqidan mahrum etiladi. Shu bilan birga, hujjatni o‘z vaqtida qaytarmaganligi uchun Kutubxona foydalanuvchidan qaytarib berish muddati kechiktirilgan har bir taqvim kuni uchun 10 000 (o‘n ming) so‘m miqdorida jarima to‘lashni talab qilishga haqli.
8.6. Mol-mulkga yoki kutubxona xodimlariga zarar yetkazilgan boshqa hollarda foydalanuvchilar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
9. Kompyuterlarda ishlash qoidalari
9.1. Kompyuterlarda ishlash uchun zaruriy shart kitobxon bileti (ID karta) yoki tashrif buyuruvchi ruxsatnomasiga ega bo‘lishdir.
9.1.1. Maktabgacha yoshdagi va 1-sinf o‘quvchilari faqat ota-onalari ishtirokida kompyuterda ishlashga ruxsat beriladi.
9.1.2. Voyaga yetmagan bolalarning Kutubxonada kompyuterdan foydalanish vaqti ota-onalarining yozma ruxsati bilan oshirilishi mumkin.
9.1.3. Kompyuterda ishlash bo‘yicha o‘rnatilgan me’yorlar:
2 – 5-sinf o‘quvchilari uchun – 30 daqiqagacha (kun davomida);
6 – 11-sinf o‘quvchilari uchun – 60 daqiqagacha (kun davomida);
talabalar va kattalar uchun – 90 daqiqagacha (kun davomida).
9.2. Foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi zallari xodimlari quyidagi huquqlarga ega: 9.2.1. Agar foydalanuvchi ushbu “Kutubxonadan foydalanish qoidalari”ni buzsa, foydalanuvchini o‘qish zaliga kiritmaslik yoki ish seansini to‘xtatish.
9.2.2. Mazmuni va/yoki materiallari BMTning Bola huquqlari deklaratsiyasi asoslariga, O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga, kutubxona ustaviga, shuningdek, ushbu Qoidalarga va boshqa normativ hujjatlarga zid bo‘lgan elektron resursni majburan yopish yoki foydalanuvchidan chiqib ketishni talab qilish.
9.2.3. Foydalanuvchining elektron manbalarga tashrif buyurish tarixini, shuningdek, u tomonidan saqlangan materiallarni tekshirish.
9.3.3. “Pullik xizmatlar ro‘yxati” bo‘yicha qo‘shimcha pullik xizmatlarni ko‘rsatish.
9.4. Xizmat ko‘rsatish bo‘limi zali xodimlarining majburiyatlariga quyidagilar kirmaydi:
9.4.1. Foydalanuvchi tomonidan yaratilgan fayllarni to‘ldirish (foydalanuvchi matnini yozish, jadvallarni loyihalash, taqdimotlar yaratish va h.k.);
9.4.2. Qidiruv tizimlari yordamida topilgan ma’lumotlarni tanlash, saralash va qayta ishlash.
9.5. Kutubxona foydalanuvchisi/tashrif buyuruvchisi quyidagilarga majburdir: 9.5.1. Zal xodimlarining talablarini bajarish, shu jumladan tanlangan materiallar va tashrif buyurilgan resurslarni tekshirish.
9.5.2. Agar kompyuter bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, darhol xodimga murojaat qilish.
9.5.3. Internetdan foydalanishda tarmoq etikasi me’yorlari va Internet xavfsizligi qoidalariga rioya qilish.
9.6. Kutubxona foydalanuvchisi/tashrif buyuruvchi uchun quyidagilar taqiqlanadi: 9.6.1. Quyidagi turdagi elektron resurslarga tashrif buyurish: onlayn o‘yin saytlari, videoxosting saytlari, ijtimoiy tarmoq portallari.
9.6.2. Foydalanish kompyuterlarida videolar tomosha qilish.
9.6.3. Mulk va jihozlarga zarar yetkazish, ish vaqtida boshqalarga xalaqit berish (baland ovozda, shu jumladan telefonda gaplashish).
9.6.4. Kompyuterda ishlaganda oziq-ovqat va ichimliklar iste’mol qilish.
9.6.5. Mustaqil ravishda kompyuterlarni yoqish, o‘chirish va qayta ishga tushirish.
9.6.6. Kompyuterda nosozlik yuzaga kelganda, o‘zboshimchalik bilan har qanday choralarni ko‘rish.
9.6.7. Har qanday periferik yoki tashqi qurilmalarni kompyuterga ulash, bundan tashqi qurilmalar mustasno, tarmoqqa ulanishni o‘rnatish, shuningdek ma’muriyat tomonidan o‘rnatilgan qurilmalarni o‘chirib qo‘yish.
9.6.8. Har qanday dasturlarni mustaqil ravishda o‘rnatish yoki ko‘chma yoki boshqa moddiy manba yordamida biron bir dasturni ishga tushirish.
9.6.9. Operatsion tizim sozlamalarini, shuningdek, kompyuterlarda o‘rnatilgan boshqa dasturlarni mustaqil ravishda o‘zgartirish.
9.6.10. Saytlar va resurslarga tashrif buyurish tarixini o‘zgartirish yoki o‘chirish.
9.6.11. Bir vaqtning o‘zida ikki yoki undan ortiq foydalanuvchining bitta kompyuterdan foydalanishi, bundan maktabgacha va boshlang‘ich sinf yoshidagi foydalanuvchilarni nazorat qiluvchi ota-onalar mustasno.
9.6.12. Ekstremizm, irqchilik, terrorizm, pornografiya, giyohvandlikni targ‘ib qiluvchi saytlarga, shuningdek, bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan ma’lumotlarga ega saytlarga tashrif buyurish.
9.6.13. Kompyuterlar faqat ma’lumot olish uchun mo‘ljallangan. Mualliflik huquqi bilan himoyalangan asarlarni Internetdan nusxalash noqonuniy hisoblanadi va bu maqsadda Kutubxona jihozlaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
10. Kutubxona javobgarligi
10.1. Kutubxona xodimlari quyidagilar uchun javobgardirlar:
foydalanuvchilar uchun lavozim vazifalariga muvofiq sifatli xizmat ko‘rsatishga;
davlat mulki hisoblangan mol-mulk va hujjatlar jamg‘armasi saqlanishi, o‘z vaqtida hisobga olinishi va foydalanilishiga;
foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishda xulq-axloq me’yorlarga rioya qilishga;
foydalanuvchilarga axborotdan foydalanishning teng shart-sharoitlarini ta’minlashga.
Kutubxonaning vaqtincha saqlash uchun maxsus joylariga (garderob xonasi, shkaflar va h.k.) va tashqi kiyim cho‘ntaklarida qoldirilgan mol-mulk (pul, qimmatbaho narsalar, hujjatlar, telefonlar, kalitlar va boshqalar) uchun kutubxona xodimlari javobgar emas.