открыты сегодня 10:00 - 21:00
Занятия
ru
O'Z
открыты сегодня 10:00 - 18:00
O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati
Jamiyatning boshlang‘ich tashkiloti 1924-yilda Toshkentda, 1928-yilda Samarqandda vujudga kelgan va dastlabki yillarda Butunrossiya ko‘zi ojizlar jamiyati ko‘rsatmalariga tayangan holda, o‘z qoida va nizomisiz faoliyat yuritgan. 1932-yildan e’tiboran Ijtimoiy ta’minot vazirligi tasarrufidagi O‘zbekiston KOJ o‘z faoliyatini rasmiylashtirib, nizomini qabul qilgan va 1932-yilda a’zolarning ilk qurultoyini o‘tkazgan. O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondida saqlanayotgan O‘zbekiston KOJ arxiv manbalaridan ma’lum bo‘lishicha, ko‘zi ojizlarni ro‘yxatga olish hamda ularni jamiyat hayotiga jalb etish, ularning ta’lim olishi uchun ko‘mak berish, sog‘lig‘ini saqlash va mehnat faoliyatiga jalb etish borasidagi g‘amxo‘rlik tashkilotning ustuvor maqsadlari etib belgilangan. Madaniy-ma’rifiy ta’lim ishlariga alohida e’tibor qaratilgan, shu bois qulay darslik va adabiyotlarni nashr etish ustuvor vazifa edi. 1932-yilda Moskvada oʻzbek tilining ilk Brayl alifbe kitobi nashr etilgan, 1939-yilda esa Toshkentda brayl bosmaxonasi o‘z faoliyatini boshlab, u yerda alifbe kitoblari, savodsizlikni tugatish, boshlangʻich maktab uchun darsliklar, oʻzbek va rus tillarida uslubiy hamda badiiy adabiyotlar nashr etilgan. Bu nashrlar Markaziy Osiyoning oʻz bosmaxonalariga ega boʻlmagan boshqa respublikalariga yuborilgan. Bundan tashqari, Butunrossiya ko‘zi ojizlar jamiyati tomonidan nashr etilgan “Ko‘rlar hayoti”, “Put vosovtsa” (“Butunrossiya ko‘zi ojizlar jamiyati a’zosining yo‘li”) va “Sovet o‘quvchisi” Brayl alifbosidagi jurnallari tarqatilgan.
O‘zbekiston KOJ faoliyatining yana bir jihati kutubxona va klublarni tashkil etish bo‘lgan: Toshkentda birinchi ko‘zi ojizlar klubi 1935-yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘sha paytning o‘zida brayl alifbosi kutubxonalari tarmog‘i va Respublika jamoatchilik kutubxonasi hamda viloyat kutubxonalari qoshida brayl yozuvidagi adabiyotlar bo‘limlari tashkil etila boshlagan. Jamiyat bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishini nazorat qilardi, jumladan, Toshkent shahrida Oxunboboyev nomidagi yetti yillik bolalar maktab-internati tashkil etildi. Ko‘zi ojiz kattalar uchun maktablar va savodxonlik darslari tashkil etilardi. Doimiy sezilib turgan malakali oʻqituvchi va murabbiylarning yetishmasligi Brayl alifbosi va umumtaʼlim fanlari oʻqituvchilarini tayyorlash kurslarini ham tashkil etish zaruratini tugʻdirardi. Ko‘zi ojizlarni ish bilan ta’minlashning muhim muammosi amaliy texnik kasblar, jumladan, bosmaxonalar uchun matn teruvchilikdan ta’lim beruvchi o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalari tizimini yaratishga olib keldi.
1960-yillarda Toshkentda hozir tanazzulga yuz tutgan “ko‘zi ojizlar shaharchasi” deb nomlangan Chilonzor dahasi 9-mavzesi barpo etildi. U turar-joy binolari, umumiy yotoqxona, kombinat, kutubxona va ko‘plab to‘garaklar faoliyat yuritib, yaqin atrofdagi uylarning aholisi vaqtlarini bajonidil o‘tkazgan madaniyat uyini o‘z ichiga olgan. Yana bir shunday shaharcha Qo‘yliq dahasida joylashgan edi. Ko‘zi ojizlar faoliyat yuritadigan korxonalar soni o‘sib borar, 1991-yilga kelib ularning soni 300 tani tashkil etardi.
Mustaqillikka erishilgach korxonalar soni kamaydi, o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalari tizimi oʻz faoliyatini toʻxtatdi. Ayni paytda jamiyat ko‘zi ojizlarni ishga joylashtirishga ko‘maklashmoqda, maxsus va yangi inklyuziv maktablar faoliyatiga esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligi rahbarlik qilmoqda.