Brayl alifbosi – boʻrtma nuqtalardan tashkil topgan, ko‘zi ojiz insonlarning o‘qish va yozishi uchun mo‘ljallangan taktil alifbodir. Alifbo nuqtalar uchun oltita joylashuv o‘rniga ega tizimdan iborat: ikkitasi bir qatorda va uchtasi bir ustunda. Har bir harf va raqam alohida joylashuv o‘rni hamda nuqtalar soniga ega. Misol uchun, agar oltita o‘rinli tizimda yuqori chap burchakda faqat bitta nuqta bo‘lib, boshqa o‘rinlarda nuqtalar bo‘lmasa, bu “A” harfi yoki “1” raqamini bildiradi. Brayl alifbosini ko‘pincha “ko‘zi ojizlar tili” deb atashlari xatodir. Shrift – mavjud alifboni yozish usulidir.
Brayl alifbosi 1824-yilda Lui Brayl tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, alifbo uning nomi bilan atalgan. Brayl alifbosidan avval boshqa taktil alifbolar mavjud bo‘lgan, masalan, Valentin Gayuning ko‘p hajmli lotin harflaridan iborat alifbosi.