Vasiliy Yakovlevich Yeroshenko (1890–1952) – to‘rt yoshida koʻzi ojiz boʻlib qolgan yozuvchi, esperanto tili mutaxassisi va o‘qituvchi. Birma va Tokiodan tortib, Mari va Toshkentgacha butun dunyo bo‘ylab ko‘zi ojiz bolalar va o‘smirlar ta’limi bilan shug‘ullangan.
Vasiliy Yakovlevich to‘rt yoshida qizamiqdan ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan. Moskva ko‘zi ojiz bolalar maktabini tamomlagach, u uzoq safarlarga ravona bo‘ladi. Yeroshenko Germaniya, Hindiston, Yaponiya, Angliya, Tailand va Birmaga tashrif buyurgan. Ushbu mamlakatlarning har birida u ko‘zi ojiz bolalar uchun ta’limni tashkil etishda faol ishtirok etib, chet tillarini o‘rgatar, konsertlarda qatnashar va hikoyalar yozardi. Shanxayda Vasiliy Yakovlevich esperanto kutubxonasi va kitob do‘konini ochgan, Tokioda esa universitetda ta’lim bergan, shuningdek, yaponiyaliklarga lavlagili karam sho‘rva va yog‘da qovurilgan oshirma somsa retseptlarini taqdim etgan.
XX asrning birinchi yarmida Markaziy Osiyoda koʻzi ojizlar taʼlimi sohasida koʻzga koʻringan, Oʻzbekistonda va umuman butun mintaqada koʻrlar hayotini oʻzgartirgan shaxslar Qudrat Primqulov, aka-uka Aleksandr va Gennadiy Shaminlar, Vasiliy Yeroshenkolar faoliyat olib borgan. Vasiliy Yakovlevich 1934-yilda Ashxobodda to‘rtta ko‘zi ojiz bola bilan tanishadi, 1935-yilda esa Turkmaniston SSR Xalq ta’limi komissarligi qarori bilan Kushka (Sarhadobod) yaqinidagi Morgunovka qishlog‘ida maktab uchun bino ajratiladi. Maktab kichkina bo‘lib, 30 bolaga mo‘ljallangan edi. Yeroshenko uning direktori va kam sonli o‘qituvchilardan biri bo‘lgan. Ular o‘quvchilar bilan birga o‘qish va maishiy ishlar, daryoga borish, o‘tin terish bilan shug‘ullanishardi. Bu besh yillik maktab o‘ziga xos edi – uning bitiruvchilari turli mamlakatlarda o‘qish va mehnat faoliyatini davom ettirardilar, jumladan, ulardan ikki nafari – Sayli Berdiyev va Nyura Jamanovalar O‘zbekistonga ko‘chib kelgan. Ikkinchi jahon urushi vaqtlari, 1942-yilda maktabga yangi direktor tayinlandi va Yeroshenko uni tark etdi. Uning Kushka davridagi barcha asarlari yo‘qolgan: Turkmanistondan Kurskga qaytish chog‘ida u yuklarini yo‘qotgan.
1948-yilda Yeroshenko O‘zbekiston ko‘zi ojizlar respublika qurultoyida qatnashadi, so‘ngra yo‘qolgan yuklarini izlab, ko‘zi ojizlar uyidagi bolalarni diydorlashish uchun Ashxobodga qaytib keladi. Kushka internatidagi hamkasbi Zinaida Shaminaga 1948-yil 15-avgustda bitilgan maktubida V.Y.Yeroshenko Toshkentda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston koʻzi ojizlar qurultoyiga va Turkmanistonga safarlari haqida hikoya qiladi. Maktubda o‘quvchilaridan 11 nafari Bayram-Alidagi kombinatda ishlashi, yana to‘rt nafari bozorda savdo qilishi, olti nafari esa Ashxobodda istiqomat qilshi haqida xabar beradi.
1949–1951-yillarda Yeroshenko Toshkentda yashab, Oʻzbek koʻzi ojizlar jamiyatining Toshkent viloyati boʻlimi qoshidagi kechki savodxonlik maktabida faoliyat yuritib, chet tillari va brayl alifbosidan saboq bergan.
1952-yilda Vasiliy Yakovlevich Belgorod viloyatining Obuxovka qishlog‘idagi ota uyida vafot etgan.
Ko‘pincha o‘quvchilari nima yozayotganini so‘rashardi. U ularga: “yagshi zat”, turkmanchadan o‘girilganda “yaxshi narsa” degan ma’noni anglatuvchi javobni berardi. Vasiliy Yakovlevichning ushbu “yaxshi narsalari” bilan bizning ko‘rgazmamizda tanishishingiz mumkin. Ko‘rgazmada Brayl alifbosidagi kitoblar qatorida Vasiliy Yeroshenkoning kitoblari ham namoyish etilmoqda.