4-aprel
Aprel oyining boshida Xalqaro bolalar kitobi kuni nishonlanadi. Shu munosabat bilan biz ertaklar, vizual hikoyalar, tarjimai hollar va ma’rifiy nashrlar atrofida maxsus dastur tayyorladik. Bolalar, o‘smirlar va ota-onalarni ushbu kunni birgalikda: yozuvchi Oybekning bolalik davridan bir kunni his etish, o‘z ertagingizni chizish, kitobshunos va adabiyotshunos bilan uchrashish, Elli va Totushka ishtirokida stol o‘yinini o‘ynash hamda kutubxona bog‘ida vaqt o‘tkazishga taklif qilamiz.
DASTUR
Fransuz adibalari Virjini Alajidi va Karolin Pellisyening “Bog‘dorchilikning oq kitobi” — barcha mavsumlar uchun o‘nlab turli xil mashg‘ulotlarga ega haqiqiy bog‘ taqvimi hisoblanadi. Yosh tabiatshunoslar bu kitobni bevosita kutubxona bog‘ida o‘rganadilar! Ekishning muhim bosqichlari haqida suhbatlashamiz, foydali hasharotlar va ko‘kat o‘simliklar bilan tanishamiz hamda gul qanday tuzilganini bilib olamiz. So‘ngra “GOODVEEN” Gullar uyi jamoasi bilan yerni yumshatamiz, chuqurchalar tayyorlaymiz va kutubxona hovlisini ko‘kalamzorlashtiramiz.
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti professori Xolida Komilovaning “O‘zbekiston xalqlari liboslari” kitobi bolalar uchun an’anaviy kiyimlarning vizual qomusidir. Kitob muallifi bilan libos shakllarini o‘rganamiz, rasmlarni ko‘rib chiqamiz va munchoqli hamda kashta elementli rang-barang do‘ppilar yasaymiz.
“Soy bo‘yida” – o‘zbek adibasi Dinara Mo‘minovaning atrof-muhitga mehribon munosabatda bo‘lish haqidagi yangi hikoyasi. Radioboshlovchi Shahzoda Jo‘rayeva bilan tabiat qo‘yniga sho‘ng‘ib, bahorgi soy tarovatidan bahra olamiz. Rasmli kitob janri bilan tanishib, adabiyot hayotimizni qanday qilib yaxshilik tomonga o‘zgartirishi mumkinligi haqida suhbatlashamiz.
RO‘YXATDAN O‘TISH 30-mart 12:00 da ochiladi
Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti o‘qituvchilari Ra’no Roziqova va Feruza Ahmedova o‘smirlar uchun amerikalik adiba Rakel Xaramilo Palasioning “Mo‘jiza” (Wonder) kitobi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazadi. Kitob noodatiy tashqi ko‘rinishga ega bola Avgust Pulman haqida hikoya qiladi va boshqalar bilan munosabatlar, qabul qilish hamda dardkashlik mavzularini ko‘taradi.
Ishtirokchilar kitobdan parchalarni o‘qiydilar, hikoyaga turli qahramonlar ko‘zi bilan qarashga harakat qiladilar va topshiriqlar ustida jamoa bo‘lib ishlaydilar. Amaliyotchi o‘qituvchilar bilan birgalikda yoshlar jamoalarining shakllanishi va bizning xatti-harakatlarimiz guruh safiga qo‘shilish yoki undan chiqishga qanday ta’sir ko‘rsatishini muhokama qilamiz.
“Bolalik” — yozuvchi Oybekning bolaligi, oilasi, do‘stligi, hayotning ilk sinovlari haqidagi avtobiografik qissasi. Cho‘ntakdagi toshlar, maktabga yo‘l, ariq bo‘yidagi o‘yinlar — ko‘zga tashlanmaydigan, ammo “gapiradigan” jihatlar bo‘lib, ular orqali his-tuyg‘ular, xotira va tajriba uzatiladi. Tiflopedagog Mavluda Karimova bilan asarning qaysi jihatlari bolaligimiz bilan hamohangligi hamda o‘smirlar adabiyoti o‘zimiz va tengdoshlarimizni teranroq tushunishga qanday yordam berishi haqida suhbatlashamiz.
Muloqot tili: o‘zbek tili
RO‘YXATDAN O‘TISH 30-mart 12:00 da ochiladi
Ba’zan ertak bir so‘z, qahramon yoki kayfiyat bilan boshlanishi mumkin. Musavvir Nigina Mirzajonova bilan birga o‘z ertaklarimizni to‘qiymiz va tasvirlaymiz, so‘ngra ularni o‘z kitoblarimizga jamlaymiz.
Yangi kitoblarni qayerdan topsa bo‘ladi? Adabiyot orqali bolalarga fan va madaniyatni qanday ochib berish mumkin? Mutolaa madaniyatining oiladagi munosabatlarni o‘zgartirishda nechog‘lik o‘rni bor? Ulkan to‘plamdan kitoblarni qanday tanlash, qaysi yozuvchilarni e’tiborga olish kerakligi va bolalar uchun mo‘ljallangan antikvar nashrlar haqiqiy xazinaga aylanishi mumkinligi haqida muloqot quramiz.
Ishtirokchilar:
Dilnavoz Najimova — bolalar adabiyoti tadqiqotchisi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti doktoranti
Aleksandra Kim — “Onamning ertagi” kitob do‘koni asoschisi
Barno Erkinova — adabiyotshunos
Irina Kutsenko — boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi
Uchrashuv moderatori – Nigora Rahimova
Til: o‘zbek va rus tillari, sinxron tarjima bilan
Ba’zida mashhur kitoblar o‘yin dizaynerlari tomonidan yangi o‘yin shaklida talqin qilinadi. “Zumrad shahar sehrgari: Elli va Totoshka” sayr-u sayohat o‘yinida ishtirokchilar mashhur sehrli mamlakatga yo‘l oladi. Kim birinchi bo‘lib Kanzasga yetib borsa va Tom amaki hamda Em xola bilan ko‘rishsa, o‘sha g‘olib bo‘ladi.
RO‘YXATDAN O‘TISH 30-mart 12:00 da ochiladi
Sotsiologiya fanlari doktori, O‘zbekistonda raqamli avlod tadqiqotchisi Dilorom Toshmuhamedova bilan bo‘ladigan uchrashuvda bolalarga nisbatan ishonch va muloqotni yo‘qotmasdan, ularni internet hamda ijtimoiy tarmoqlarning salbiy ta’siridan qanday himoya qilish haqida suhbatlashamiz. Onlayn makonda o‘smirlar duch keladigan xavf-xatarlar, shuningdek, raqamli asrda ota-onalarning farzandlari bilan yonma-yon bo‘lishi, ularni tushunishi va qo‘llab-quvvatlashi uchun qo‘yishi mumkin bo‘lgan amaliy qadamlar xususida so‘z yuritamiz.
Dilorom Toshmuhamedova — JSST (Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti)ning Ruhiy salomatlik bo‘yicha Umumevropa koalitsiyasi milliy koordinatori, taniqli jamoat va siyosat arbobi. U yoshlar va oila masalalarida tibbiyot, sotsiologiya, psixologiya va siyosatshunoslikni birlashtirgan fanlararo yondashuvi bilan mashhur. 70 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan, “Z avlod”, “Virtual muhitda yoshlar” nomli monografiyalar muallifi.
Muloqot tili: o‘zbek va rus tillari
Joylar soni cheklangan. Iltimos, @acdflibrary da roʻyxatdan oʻting.