To‘garaklar

To‘garaklar

To‘garaklar kutubxonadagi muntazam uchrashuvlar bo‘lib, u yerda biz o‘qiymiz, muhokama qilamiz, o‘yin o‘ynaymiz va mavzularni o‘rganamiz

Har bir uchrashuv alohida tadbir bo‘lib, ularga bir marta yoki doimiy ravishda kelishingiz mumkin. Mutolaa, stol o‘yinlari va mavzuli to‘garaklarga bag‘ishlangan kutubxona to‘garaklari muntazam o‘tkaziladi va turli yoshdagi tashrif buyuruvchilar uchun ochiq. Har oyda biz muloqot to‘garaklariga mavzularni tanlaymiz, mutolaa uchun yangi kitoblarni kashf etamiz, o‘yin va mavzuli to‘garaklarning ssenariylarini yangilaymiz. Jadval har oyda bir marta e’lon qilinadi.

KITOB TO‘GARAKLARI

Inglizzabon kitob to‘garagi
(0–5 yosh)

Juma kunlari, 11:00–11:30
Kichik transformer zali

Pedagoglar va kutubxonamiz xodimlari bilan rasmli kitoblarni o‘qiymiz, qisqa hikoyalarni muhokama qilamiz, tinglashni, munosabat bildirishni o‘rganamiz hamda kitobga bo‘lgan ilk ishonchni shakllantiramiz. To‘garak bir oyda ikki marta o‘tkaziladi. Ota yoki onaning ishtirok etishi shart.

23-oktabr  
Kitob nomi: “Conjuror Cow”. Mualliflar: Julia Donaldson va Nik Sharratt
Sehrgar sigir haqidagi qofiyalangan hikoyani o‘qiymiz, rasmlarni ko‘rib chiqamiz, takrorlanuvchi so‘zlarga e’tibor qaratamiz va o‘ynaymiz.

Boshlovchi: maktabgacha ta’lim mutaxassisi, kutubxona xodimi Iroda Oripova

O‘zbek tilida kitob to‘garagi
(0–5 yosh)

Juma kunlari, 11:00–11:30
Kichik transformer zali

Pedagoglar va kutubxonamiz xodimlari bilan rasmli kitoblarni o‘qiymiz, qisqa hikoyalarni muhokama qilamiz, tinglashni, munosabat bildirishni o‘rganamiz hamda kitobga bo‘lgan ilk ishonchni shakllantiramiz. To‘garak bir oyda ikki marta o‘tkaziladi. Ota yoki onaning ishtirok etishi shart.

30-oktabr
Kitob nomi: “Two Little Dickie Birds” (“Ikki kichkina qushcha”). Muallif: Rassel Panter
Mashhur bolalar sanamalari asosida yaratilgan rasmli kitob. Maroqli takrorlanishlar va imo-ishoralar o‘qishni jajji bolajonlar zavq bilan qo‘shiladigan quvnoq o‘yinga aylantiradi.

Boshlovchi: Shahzoda Jo‘rayeva

O‘zbek tilida kitob to‘garagi
(6–10 yosh)

Shanba kunlari, 13:00–14:00 
Kichik transformer zali

O‘zbek tilidagi bolalar kitoblarini o‘qiymiz, kitoblardagi holatlarni muhokama qilamiz, fikr almashamiz, o‘qiganlarimiz haqida so‘zlab berishni o‘rganamiz. To‘garak har shanba kuni o‘tkaziladi.

24-oktabr
O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan maxsus to‘garak uchrashuvi.

Boshlovchi: Surayyo To‘raqulova

Inglizzabon kitob to‘garagi
(6–10 yosh)

Shanba kunlari, 13:00–13:30, 13:30–14:00
Kichik transformer zali

Qiziqarli kitoblar o‘qiymiz, hikoyalar o‘ylab topamiz, rasm chizamiz, o‘yin o‘ynaymiz va ingliz tilini ijodiy hamda jonli tarzda o‘rganamiz. O‘yin, tasavvur va bog‘lanishlar orqali ingliz tili leksikasi olamiga sho‘ng‘iymiz. Nutq, tafakkur hamda kitob mutolaasiga bo‘lgan muhabbatni rivojlantiramiz. To‘garak bir oyda ikki marta o‘tkaziladi. 

31-oktabr
Kitob nomi: “What do you do with an Idea?”. Muallif: Kobi Yamada
O‘z g‘oyalaridagi salohiyatni topishni va ularni rivojlantirishni o‘rganayotgan bola haqidagi hikoya. Ijodiy niyatlar qanday qilib o‘sib, dunyoni o‘zgartirishga qodir bo‘lgan uklan va ahamiyatli narsaga aylanishi mumkinligini muhokama qilamiz.

Boshlovchi: Zuhra Xayrutdinova

Xitoy tilidagi kitob to‘garagi
(6–10 yosh)

Shanba kunlari, 15:00–16:00
Kichik transformer zali

Xitoy tilidagi kitoblarni o‘qiymiz, iyerogliflar bilan qiziqarli va tushunarli tarzda tanishamiz. O‘qish, muloqot va ijodiy topshiriqlar orqali so‘z boyligimizni oshiramiz. Xitoy tilida so‘zlashish, hisoblash va yozishni o‘rganamiz, shuningdek, madaniyat hamda zamonaviy Chin yurti haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lamiz. To‘garak bir oyda ikki marta o‘tkaziladi.

24-oktabr
Kitob nomi: “Onamni hammadan ko‘p yaxshi ko‘raman” (最喜欢妈妈). Muallif: Mitio Mado, Sesuko Masima rasmlari.
Onalar va ularning chaqaloqlari haqidagi hikoyani o‘qiymiz, rasmlarni ko‘rib chiqamiz hamda ilk xitoycha so‘z va iboralar bilan tanishamiz.

Boshlovchilar: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi “Konfutsiy nomidagi O‘zbek-Xitoy instituti” o‘qituvchilari 

Brayl alifbosidagi kitob to‘garagi
(12+)

Juma kunlari, 15:00–16:00
Kichik transformer zali

To‘garak Brayl alifbosini yaxshi biladiganlar yoki endigina tanishishni boshlaganlar uchun mo‘ljallangan. Brayl yozuvida lotin imlosida chop etilgan o‘zbek tilidagi kitoblarni o‘qiymiz, paypaslab o‘qishni mashq qilamiz, hikoyalar yuzasidan fikr almashamiz, matnlarni sharhlashni o‘rganib, o‘z taassurotlarimiz bilan o‘rtoqlashamiz. Ishtirokchilar taktil materiallar bilan ishlaydilar hamda o‘qish uslubini o‘zlashtiradilar. To‘garak bir oyda bir marta o‘tkaziladi.

Boshlovchi: Tiflopedagog Mavluda Karimova

Voqeiy hikoyalar to‘garagi

29-oktabr, 18:30–19:30
Majlislar zali

Atrofimizdagi olam — fan, tarix, jamiyat, san’at va odamlar haqidagi kitoblarni o‘qiymiz va muhokama qilamiz. Savollar berishni, dalillar orasidagi bog‘liqlikni topishni hamda shaxsiy kuzatuvlarimiz bilan o‘rtoqlashishni o‘rganamiz. Har bir uchrashuv bitta kitob yoki mavzuga bag‘ishlanadi va erkin suhbat uchun ochiq bo‘ladi.
To‘garakning kuzgi ilk uchrashuvida mavsum uchun mavzular va kitoblar tanlaymiz.

Boshlovchi: Dina Adilova

O‘YINLI TO‘GARAKLAR

Stol o‘yinlari to‘garagi
(6+)

Shanba kunlari, 14:00–15:30 
Majlislar zali

Turli xil stol o‘yinlari bilan: “sayr”lar-u hamkorlik sarguzashtlaridan tortib, strategiyalargacha tanishamiz. O‘ynaymiz, muloqot quramiz va muhim ko‘nikmalarni rivojlantiramiz. To‘garaklar har hafta o‘zbek va rus tillarida o‘tkaziladi. Ishtirokchilar kutubxona to‘plamidan o‘yinlarni tanlab oladilar va 2-3 ta stol atrofiga taqsimlanadilar. Bitta uchrashuvda bola 2-4 ta o‘yin o‘ynashi mumkin.
 
3-, 10-, 17-, 24- va 31-oktabr

O‘smirlar uchun stol o‘yinlari to‘garagi
(11+)

Shanba kunlari, 16:00–17:30
Majlislar zali

Kutubxona to‘plami bilan tanishamiz, o‘yin mexanikasini ko‘rib chiqamiz, turli janrlarni sinab ko‘ramiz, strategik fikrlashni mashq qilamiz va do‘stona muhitda o‘ynaymiz. To‘garak har hafta o‘zbek va rus tillarida o‘tkaziladi. Uchrashuv boshida bolalar o‘yinlarni o‘zlari tanlaydilar, so‘ngra parallel ravishda 2–3 xil stol o‘yinlari o‘tkaziladi.

3-, 10-, 17-, 24- va 31-oktabr

MAVZULI TO‘GARAKLAR

Kompyuter savodxonligi to‘garagi
(50+)

Shanba kunlari, 14:00–15:30
Ish markazi zali

Raqamli vositalar bilan tanishamiz va kundalik hayotda texnologiyalardan ishonch bilan foydalanishni o‘rganamiz. Xotirjam va qo‘llab-quvvatlovchi muhitda savollar berishni, yangi bilimlarni o‘zlashtirish orqali ma’lumot izlashni va raqamli muhitni tushunishni o‘rganamiz. To‘garak har oyda bir marta o‘zbek va rus tillarida o‘tkaziladi.

17-oktabr

Boshlovchi: AT mutaxassisi Jo‘shqin Matchanov

Raqamli savodxonlik to‘garagi
(10+)

Shanba kunlari, 12:00–13:30
Ish markazi zali

Raqamli vositalar bilan tanishamiz va kundalik hayotda texnologiyalardan ishonch bilan foydalanishni o‘rganamiz. Xotirjam va qo‘llab-quvvatlovchi muhitda savollar berishni, yangi bilimlarni o‘zlashtirish orqali ma’lumot izlashni va raqamli muhitni tushunishni o‘rganamiz. To‘garak har oyda bir marta o‘zbek va rus tillarida o‘tkaziladi.

17-oktabr

Boshlovchi: AT mutaxassisi Jo‘shqin Matchanov

Robototexnika to‘garagi
(12+)

Yakshanba kunlari, 14:00–16:00
Ish markazi zali

Robototexnika asoslari bilan tanishamiz hamda oddiy mexanizmlar va dasturlashtiriladigan qurilmalar yaratishni oʻrganamiz. Qoʻllab-quvvatlovchi va izlanishlarga boy muhitda namunaviy nusxalarni oʻz qoʻllarimiz bilan yigʻib, ularni amalda sinab koʻrgan holda sezgichlar, motorlar va algoritmlar qanday ishlashini tushunib olamiz. To‘garak oyda bir marta o‘zbek va rus tillarida o‘tkaziladi. 
     
25-oktabr

Boshlovchi: AT mutaxassisi Jo‘shqin Matchanov

O‘smirlar uchun kino to‘garagi

Shanba kunlari, 18:00–20:00
Majlislar zali

O‘smirlar uchun va o‘smirlar haqidagi filmlarni — mumtoz asarlardan tortib zamonaviy kinogacha, turli janr va tillardagini ko‘ramiz hamda ularni muhokama qilamiz. Qahramonlar, syujetlar, vizual til va mazmun-mohiyati haqida suhbatlashamiz, mayda jihatlarigacha e’tibor berishni va shaxsiy fikrimizni aniq ifodalashni o‘rganamiz. To‘garak uchrashuvlari bir oyda ikki marta o‘tkaziladi.

24-oktabr

Boshlovchi:
Kamilla Qayumova

Tabiatshunoslar to‘garagi
(6+)

Shanba kunlari, 15:00–16:00
Kichik transformer zali

Jonli tabiatni tadqiq etamiz, atrofimizdagi o‘simliklar, mavjudotlar va mavsumiy o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatishni o‘rganamiz. Uchrashuvlarda xuddi haqiqiy tabiatshunoslar kabi o‘z kashfiyotlarimizni ko‘rib chiqamiz, taqqoslaymiz, qayd etib boramiz va muhokama qilamiz. To‘garak uchrashuvlari bir oyda 1-2 marta o‘tkaziladi.

31-oktabr

Boshlovchi: Dina Adilova

TO‘GARAK FAOLIYATINI BOSHLASH

Kutubxonadagi to‘garaklar ijara yoki bir martalik uchrashuvlar emas, ular dasturning uzviy qismidir. To‘garaklarni kutubxona xodimlari yoki taklif etilgan mehmonlar olib boradi. Biz to‘garaklarga qiziquvchanlik, hamjihatlikdagi tajriba va madaniy muloqot makoni sifatida qaraymiz.  

Kutubxonada ochiqlik, kitobxon tajribasiga hurmat, dunyoga qiziqish va e’tibor qadriyatlarini baham ko‘radigan boshlovchi ixlosmandlar jamoasi shakllanadi. Biz davriy ravishda yangi boshlovchilarni taklif etamiz: agar insonda yaxshi to‘garak g‘oyasi va uni muntazam olib borish ishtiyoqi bo‘lsa, u ushbu jamoa safiga qo‘shilishi hamda jamoatchilik dasturi doirasida o‘z yo‘nalishini rivojlantirishi mumkin.

Joylar soni cheklangan. Barcha savollar yuzasidan biz bilan telefon, elektron pochta yoki ijtimoiy tarmoqlardagi @acdflibrary manzili orqali bog‘lanishingiz mumkin.